2025 yilning birinchi choragida O‘zbekistonda aholi jon boshiga umumiy daromadlar 7,6 foizga o‘sdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davrida 9,2 foizni tashkil etgan. Jon boshiga eng yuqori daromadlar Toshkent shahrida (15 mln 859 ming so‘m), eng past daromadlar esa Namangan viloyatida (3 mln 966 ming so‘m) qayd etilgan.

2025 yilning birinchi choragida O‘zbekiston aholisining umumiy daromadlari 222,4 trillion so‘mga yetdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi hisobotida keltirib o‘tilgan.

Hisobot davrida aholi daromadlarining nominal ko‘rinishdagi o‘sishi 20,9 foizni, real o‘sish sur’ati esa 9,8 foizni tashkil etgan. O‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich mos ravishda 20,8 va 11,5 foiz bo‘lgandi.

Aholi jon boshiga umumiy daromadlar esa nominal qiymatda 18,5 foizga (2024 yilning I choragida – 18,2 foiz), real ko‘rinishda 7,6 foizga (9,2 foiz) ko‘paydi. Natijada 2025 yilning dastlabki 3 oyida aholi jon boshiga o‘rtacha daromad 5,9 mln so‘mga yetgan.

Hududlar kesimida daromadlarning eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahri (15 mln 859 ming so‘m), Navoiy (9 mln 452 ming so‘m), Buxoro (6 mln 364 ming so‘m) va Toshkent (6 mln 164 ming so‘m) viloyatlarida qayd etilgan. Poytaxt va 3 ta viloyatda aholi jon boshiga umumiy daromadlar respublikadagi umumiy ko‘rsatkichdan baland bo‘lgan.

Bu boradagi eng quyi ko‘rsatkichlar Namangan (3 mln 966 ming so‘m) va Surxondaryo (4 mln 78 ming so‘m) viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida (4 mln 117 ming so‘m) qayd etilgan.

Aholi jon boshiga daromadlarning eng yuqori real o‘sishi Farg‘ona (14,5 foiz) va Navoiy viloyati (10,1 foiz) hamda Toshkent shahrida (9,8 foiz) kuzatilgan. Jizzax (2,9 foiz), Toshkent (3,3 foiz) va Sirdaryo viloyatlarida (3,4 foiz) aholining real daromadlari juda kam miqdorda o‘sgan.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 06/05/2025