Vazirlar Mahkamasining «Davlat xaridlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni kengaytirish hamda davlat xaridlari elektron tizimi operatorlari faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan quyidagilarni belgilaydigan davlat xaridlari elektron tizimi operatorlari to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi:
- davlat xaridlari elektron tizimini tashkil etish tartibi;
- davlat xaridlari sub’yektlarini davlat xaridlari elektron tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish qoidalari;
- davlat xaridlari elektron tizimi operatorlari tomonidan qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash va dastlabki monitoringni o‘tkazish choralari.
Belgilanishicha, 2025 yil 15 avgustdan boshlab:
- eng yaxshi takliflar va arizalar tanlash natijalari bo‘yicha shartnomalar davlat xaridlari elektron tizimida avtomatik tarzda shakllantiriladi, jismoniy shaxslar bilan tuziladigan fuqarolik-huquqiy shartnomalar bundan mustasno;
- davlat xaridlarida elektron raqamli imzodan foydalangan holda qo‘lda yoziladigan shaklda tuziladigan shartnomalar elektron shaklda tuziladi, xorijiy yetkazib beruvchilar bilan tuziladigan shartnomalar bundan mustasno;
- maxsus axborot portalida davlat xaridlari masalalari bo‘yicha izohlar, takliflar va shikoyatlarni qoldirish uchun qayta aloqa tartibi joriy etiladi;
- jamoatchilik muhokamasiga chiqarilgan bayonnomalar va tuziladigan shartnomalar yuzasidan kelib tushgan e’tirozlar bo‘yicha davlat buyurtmachilari tomonidan ularni ko‘rib chiqish natijalari haqidagi ma’lumotlar (qabul qilingan tegishli qarorlar) davlat xaridlari sohasida nazorat qiluvchi organlar uchun ochilgan shaxsiy kabinetlarda aks ettiriladi.
Davlat xaridlarini amalga oshirishda ularning hajmini qismlarga bo‘lib tashlashga yo‘l qo‘yilmaydi.