UzAuto Motors kompaniyasi Chevrolet Cobalt avtomobilining ikki yangi komplektatsiyasini — Cobalt Style MCM va Cobalt Midnight MCM versiyalarini taqdim etdi. Ular 2025-yil 3-noyabrdan boshlab mamlakat bo‘ylab barcha Chevrolet dilerlik markazlarida sotuvga chiqariladi.
Kompaniya ma’lum qilishicha, yangi versiyalar ishlab chiqish jarayonida avtomobilning 50 dan ortiq muhim komponenti yangilangan. Jumladan, yangi dvigatel boshqaruv bloki o‘rnatilib, gaz taqsimlash va elektron boshqaruv tizimlari takomillashtirilgan. Shuningdek, ABS, xavfsizlik yostiqchalari va himoya tizimlari boshqaruv bloklari yangilangan.
Yangi modifikatsiyalarda kruiz-nazorat tizimi, old o‘rindiqlarning isitish funksiyasi, shuningdek Android Auto va Apple CarPlay tizimlarini qo‘llab-quvvatlovchi sensorli multimedia tizimi o‘rnatilgan. Ruldagi boshqaruv tugmalari va yangilangan asboblar paneli haydovchi uchun yanada qulay boshqaruv imkoniyatini yaratadi.
Midnight MCM komplektatsiyasi dizayn jihatidan farq qiladi — interyeri to‘liq qora rangda, o‘rindiqlari ekocharm qoplamali va isitish tizimiga ega. Qoraytirilgan faralar, oynalar va qora quyma disklari avtomobilga o‘ziga xos ko‘rinish beradi.
Tavsiya etilgan chakana narxlar:
-
Cobalt Style MCM — 156 100 000 so‘m
-
Cobalt Midnight MCM — 165 200 000 so‘m
Mavjud komplektatsiyalar narxlari o‘zgarishsiz qoladi:
-
Style AT Plus — 147 916 000 so‘m
-
Midnight AT — 155 231 000 so‘m
UzAuto Motors qayd etishicha, yangi Cobalt versiyalari qulaylik, xavfsizlik va texnologik yangilanishlar jihatidan avvalgilardan sezilarli farq qiladi.