O‘zbekistonda barcha tadbirkorlar elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun 15 foizlik oldindan to‘lov qilish huquqiga ega emas. Imtiyoz faqat belgilangan talablarga javob beradigan namunali iste’molchilarga tatbiq etiladi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil 22-sentyabrdagi PF-202-son farmon asosida namunali iste’molchi maqomiga ega yuridik shaxslar oy boshigacha shartnomadagi elektr energiyasi qiymatining 15 foizini to‘laydi. Qolgan summani oy davomida qismlarga bo‘lib to‘lash mumkin.

Buning uchun iste’molchi:

  • elektr energiyasini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulangan;
  • masofadan boshqariladigan hisoblagichga ega;
  • muddati o‘tgan qarzdorligi yo‘q;
  • elektr energiyasidan foydalanish qoidalarini buzmagan bo‘lishi kerak.

Shuningdek, oxirgi ikki oyda to‘lov intizomiga rioya qilmagan tadbirkorlar ushbu tartibdan foydalana olmaydi.

Tabiiy gaz bo‘yicha ham shunga o‘xshash tartib amal qiladi. “Hududgazta’minot” ma’lumotiga ko‘ra, 1-noyabrdan boshlab TGNHATga ulangan, masofadan o‘chirish va yoqish imkoniyatiga ega hisoblagich bilan ta’minlangan namunali iste’molchilar uchun oldindan to‘lov 15 foiz etib belgilangan.

Bunda ham oxirgi ikki oyda to‘lov intizomiga rioya qilmagan iste’molchilar istisno qilinadi. Qolgan summani oy davomida qismlarga bo‘lib to‘lash mumkin.

15 foizlik to‘lov huquqi tegishli tizimlar va hisob-kitob ma’lumotlari asosida avtomatik aniqlanadi. Buning uchun alohida ariza yoki qo‘shimcha kelishuv talab etilmaydi.

Belgilangan talablarga javob berib, imtiyozdan foydalana olmayotgan tadbirkorlar elektr energiyasi bo‘yicha 1154, tabiiy gaz bo‘yicha 1104 qisqa raqamlariga murojaat qilishi mumkin.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 24/11/2026