Shavkat Mirziyoyev Buxoro tumanidagi Tekhnochem korxonasida bo‘lib, neft-kimyo klasterining faoliyati va istiqbolli loyihalari bilan tanishdi. 2028-yil yakuniga qadar korxonada 292 mln dollarlik investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Loyiha doirasida gaz kondensati va naftani qayta ishlash, aromatik uglevodorodlar hamda eritgichlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Natijada korxonaning yillik qayta ishlash quvvati qo‘shimcha 400 ming tonnaga oshadi va 700 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Ma’lum qilinishicha, 69 gektar maydonda joylashgan korxonada 500 nafarga yaqin xodim ishlaydi. Klaster neft va gaz kondensati, nafta, metanol hamda piroliz distillyatini qayta ishlashga ixtisoslashgan. Ushbu yo‘nalishdagi majmua O‘zbekistonda yagona hisoblanadi.
Ayni paytda korxonada yiliga 100 ming tonna piroliz distillyati, 160 ming tonna nafta va gaz kondensatini qayta ishlash imkoniyati mavjud. Jarayonda yoqilg‘idan tashqari kimyo sanoati uchun zarur mahsulotlar ham olinadi. Jumladan, oktanbuster benzin sifatini oshirishda, eritgichlar esa bo‘yoq, lak, yelim va maishiy kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishda qo‘llanadi.
Korxona eksport hajmini yiliga qariyb 180 ming tonnaga yetkazishni rejalashtirmoqda. Mahsulotlar Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Afg‘oniston va Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan. Eksport tarkibiga neft-kimyo mahsulotlari, avtobenzin va dizel yoqilg‘isi kiradi.
Bundan tashqari, 2028–2030-yillarda 150 ming tonna suyultirilgan gazni qayta ishlash loyihasini amalga oshirish bo‘yicha xorijiy hamkorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Davlat rahbari yangi ishlab chiqarish quvvatlari uchun malakali mutaxassislar tayyorlash, kasbiy ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish hamda klasterning eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.