AQSH Davlat departamenti viza olish uchun murojaat qiluvchilardan 15 ming dollargacha garov puli talab qilinadigan davlatlar ro‘yxatini kengaytirdi. 18-mart kuni e’lon qilingan qaror Donald Tramp ma’muriyatining immigratsiyani cheklashga qaratilgan navbatdagi qadami sifatida baholanmoqda.
Yangi qaror bilan ro‘yxatga yana 12 ta davlat qo‘shildi va umumiy soni 50 taga yetdi. Asosan Afrika davlatlaridan iborat bo‘lgan ushbu ro‘yxat tanqidchilarga ko‘ra, kam ta’minlangan sayyohlar uchun kamsituvchi bo‘lishi mumkin.
Yangi qo‘shilgan davlatlar qatoriga Kambodja, Efiopiya, Gruziya, Grenada, Lesoto, Mavrikiy, Mo‘g‘uliston, Mozambik, Nikaragua, Papua Yangi Gvineya, Seyshel orollari va Tunis kiradi. Ushbu tartib 2-apreldan kuchga kiradi.
Mazkur tizim asosan xizmat safari (B-1) va turistik (B-2) vizalariga nisbatan qo‘llanadi. Garov puli miqdori 5 ming, 10 ming yoki 15 ming dollar bo‘lib, aniq summa viza suhbati davomida belgilanadi.
Ta’kidlanishicha, garov puli to‘lanishi viza berilishini kafolatlamaydi. Agar ariza rad etilsa yoki murojaatchi safardan voz kechsa, mablag‘ qaytariladi. Shuningdek, viza egasi AQSH hududini belgilangan muddatda tark etsa va barcha shartlarga amal qilsa, to‘langan summa qaytarib beriladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu tizim viza muddati tugaganidan keyin ham mamlakatda noqonuniy qolish holatlarini kamaytirishga qaratilgan. Davlat departamenti bayonotida aytilishicha, dastur doirasida viza olganlarning 97 foizi AQSHni o‘z vaqtida tark etgan.
Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp 2025-yil yanvar oyida Oq uyga qaytgach, immigratsiya siyosatini keskinlashtirish bo‘yicha choralarni kuchaytirgan. Ushbu garov tizimini joriy etish bo‘yicha ilk urinishlar 2020-yilda amalga oshirilgan, biroq pandemiya sabab to‘xtab qolgan edi.
Qayd etilishicha, tizim 2025-yil avgust oyida rasman joriy etilgan bo‘lib, u davlat g‘aznasiga daromad keltirish va qisqa muddatli sayohatchilar ustidan nazoratni kuchaytirish vositasi sifatida ko‘rilmoqda. Shu bilan birga, AQSH Davlat departamenti kelgusida ro‘yxatni yanada kengaytirish huquqini o‘zida saqlab qolganini ma’lum qilgan.