Jizzax shahrida 4,6 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan ohak ishlab chiqarish syexi aniqlandi, deb xabar bermoqda O‘zenergoinspeksiya.

Keltirilishicha, Jizzax viloyatining Jizzax shahrida gaz ta’minoti filiali komplayens nazorat tuzilmalari va shahar gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari tomonidan 2025-yil 30-avgust kuni o‘tkazilgan reyd tadbirida tabiiy gazdan foydalanishda qonunbuzilish holati fosh etildi.
Xususan, shaharning “Madaniyat” MFYda joylashgan fuqaro M. D. ga qarashli xonadonda vakolatli tashkilotlar bilan shartnoma imzolamasdan, loyiha texnik hujjatlarisiz 3 dona nostandart gaz yondirgichlar orqali ohak tayyorlash uchun tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelinayotgani aniqlandi.
Noqonuniy holat yuzasidan “Jizzaxshahargaz” gaz ta’minoti bo‘limi, huquq-tartibot organlari va O‘zenergoinspeksiya xodimlari ishtirokida dalolatnoma tuzilib, tabiiy gaz hajmlari qayta hisob-kitob qilindi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 4 milliard 691 million so‘mlik zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi. Barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.