Viza talablari buzilgan taqdirda, u bekor qilinadi va chet ellik mamlakatdan chiqarib yuboriladi.

AQSh Davlat departamenti 21 avgust kuni amaldagi Amerika vizasiga ega bo‘lgan 55 milliondan ortiq xorijlikning migratsiya qonunchiligini buzish ehtimoli bo‘yicha tekshirayotganini ma’lum qildi, deb xabar berdi AP.

Davlat departamenti agentlikka AQSh vizalari egalarining qoidalarga muvofiqligini «doimiy ravishda» tekshirib turishini ma’lum qildi. Xususan, idora viza muddati o‘tgan-o‘tmaganini, shaxsning jinoyatchilik yoki terrorizmga aloqadorligini o‘rganadi. Agar chet ellik bu talablarni buzgan bo‘lsa, uning vizasi bekor qilinadi. Agar u AQSh hududida bo‘lsa, mamlakatdan chiqarib yuboriladi.

Davlat departamentida ta’kidlanishicha, Donald Trampning 2025 yil yanvaridagi inauguratsiyasidan beri idora o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ikki baravar ko‘p vizani bekor qilgan. Shu bilan birga, bekor qilingan talaba vizasi soni to‘rt baravar oshgan.

Avgust oyi boshida Davlat departamenti talaba vizasiga ega 6 mingdan ortiq shaxs mamlakatda bo‘lish muddatini buzgani, shuningdek, qonunbuzarliklar, jumladan, hujumlar, mast holda mashina haydash va terrorizmni qo‘llab-quvvatlagani uchun bekor qilingani haqida xabar berdi. Aniqlik kiritilishicha, to‘rt mingga yaqin viza qonun buzilishi, 200-300 ga yaqin viza terrorizm bilan bog‘liq sabablarga ko‘ra bekor qilingan.

Categorized in:

Dunyo,

Last Update: 22/08/2025