Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev O‘zbekistondagi elchini almashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Unga ko‘ra, Yerali Tugjanov Qozog‘istonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlandi.

Shu bilan birga, Toshkentdagi diplomatik missiyaga 2018-yildan buyon rahbarlik qilib kelgan Beybut Atamqulov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Yangi elchi kim?

1963-yil 13-may kuni G‘arbiy Qozog‘iston viloyatida tug‘ilgan Yerali Tugjanov huquqshunos mutaxassis hisoblanadi. U 1988-yilda Qarag‘andi davlat universitetini, 1994-yilda esa Qozog‘iston Fanlar akademiyasining Davlat va huquq institutini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini oddiy o‘rmon xo‘jaligi ishchisi sifatida boshlagan Tugjanov keyinchalik oliy ta’lim tizimi, davlat boshqaruvi va siyosiy sohada turli lavozimlarda ishlagan.

Yuqori lavozimlarda faoliyat yuritgan

Yerali Tugjanov faoliyati davomida:

  • Qarag‘andi viloyati hokimi o‘rinbosari;
  • Qozog‘iston Adliya vazirligining Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi;
  • Prezident administratsiyasida mas’ul lavozimlar;
  • Mang‘istov viloyati hokimi;
  • Qozog‘iston Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi;
  • Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari;
  • Oqto‘be viloyati hokimi

lavozimlarida faoliyat olib borgan.

2024-yil may oyidan buyon esa Qozog‘iston bosh vaziri Oljas Bektenovning maslahatchisi sifatida ishlab kelayotgan edi.

To‘qayev diplomatik korpusni yangilamoqda

Ma’lumot uchun, Qosim-Jo‘mart To‘qayev joriy yil 10-iyul kuni ham Qozog‘istonning bir qator xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida kadrlar almashinuvini amalga oshirgan edi. Xususan, Qirg‘iziston, Qatar, Serbiya va Vengriyadagi elchilar o‘zgartirilgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, Toshkentga uzoq yillar hukumat va prezident administratsiyasida ishlagan tajribali siyosatchining tayinlanishi O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qadam sifatida baholanmoqda.

Categorized in:

Maishiy,

Last Update: 22/07/2026