Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Qo‘shma Shtatlar va Eron keskinligini yumshatish uchun ushbu davlat rahbarlari ishtirokida telekonferensiya o‘tkazishni taklif qildi. Bu haqda Middle East Eye nashri o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur tashabbus Oq uy rahbari Tehronga nisbatan harbiy kuch qo‘llash ehtimolini istisno qilmayotgan bir paytda ilgari surilgan. Nashr manbalariga ko‘ra, Tramp bilan telefon muloqoti chog‘ida Erdo‘g‘on amerikalik hamkasbini masalaga diplomatik yechim topishga chaqirgan. Shuningdek, rasmiy Anqara Vashington hamda Tehron o‘rtasida vositachi bo‘lishga tayyorligini ma’lum qilgan.
Turk rasmiylariga ko‘ra, Tramp Erdo‘g‘onning taklifiga ijobiy munosabat bildirib, uni ko‘rib chiqishga tayyor ekanini aytgan. Biroq Eron prezidenti Masud Pezeshkiyon Anqaraning tashabbusiga hozircha rasmiy munosabat bildirmagan.
Nashrning turk diplomatlariga tayanib ma’lum qilishicha, Eron o‘z pozitsiyasini shu hafta Istanbulga tashrif buyurishi kutilayotgan mamlakat tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi orqali yetkazishi mumkin. U turkiyalik hamkasbi Hoqon Fidan bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazishi aytilmoqda. Turkiya va Eron bosh diplomatlari mintaqaviy xavfsizlik, Vashington va Tehron munosabatlarida keskinlikni kamaytirish kabi masalalarni muhokama qilishi kutilyapti.
Shu bilan bir vaqtda nashr suhbatlashgan diplomatlar Erdo‘g‘onning tashabbusi hayotga ko‘chib, telekonferensiya o‘tkazilgan taqdirda ham, bu navbatdagi qurolli nizoning oldini olish uchun yetarli bo‘lmasligidan xavotir bildirgan. Bundan tashqari, ular Oq uyning Tehronga nisbatan siyosatiga Isroil ham ta’sir o‘tkazayotganini ta’kidlagan. Ularning fikricha, yahudiy davlati Eronning ballistik raketa dasturi va yadroviy tadqiqotlarini o‘z milliy xavfsizligi uchun jiddiy tahdid sifatida baholab, jarayonni to‘xtatishga intilyapti.
Diplomatik jarayonlar AQSH Yaqin Sharqda o‘z harbiy qudratini oshirayotgan bir vaqtda faollashdi. Prezident Donald Tramp o‘zining Truth Social platformasida Eronga tomon “ulkan armada” yo‘l olayotgani, agar kelishuvga erishilmasa, “shiddat va shafqatsizlik” bilan hujum qilinishi haqida yozgandi. Shuningdek, u Tehronni tezroq muzokaralar stoliga qaytishga chaqirib, yadro quroliga ega bo‘lmagan, barcha tomonlar uchun adolatli va muvozanatli bitim tuzish zarurligini ta’kidlagan.