Germaniyaning Gamburg shahar sudi 2025-yil 19-noyabr kuni Alisher Usmonov tomonidan Germaniya fuqarosiga nisbatan kiritilgan da’vo bo‘yicha muhim qarorni e’lon qildi. Sud mazkur fuqaro Facebook’da Usmonov go‘yoki Shveysariya bankidagi aktivlarni singlisi orqali yashirgani haqidagi ma’lumotni tarqatib, uning huquqlarini buzganini tan oldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Usmonovning singlisi Saodat Narziyeva 2022-yil aprel oyida The Guardian va OCCRP tomonidan e’lon qilingan materiallar asosida Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya sanksiyalar ro‘yxatlariga kiritilgan edi. Ushbu materiallarda Usmonov go‘yoki singlisiga “yirik aktivlar topshirgani” hamda Narziyeva “Credit Suisse’da akasi bilan bog‘liq 27 ta hisobvaraq egasi” ekani haqida da’volar ilgari surilgan.

Usmonov va Narziyeva vakillari bu ma’lumotlarni rad etib kelgan. Keyinchalik bir qator xalqaro OAV mazkur ayblovlarni inkor etdi yoki o‘z materiallariga tuzatish kiritdi. Mutaxassislar tekshiruvi da’volar Credit Suisse’ning ichki, to‘liq bo‘lmagan ma’lumotlari noto‘g‘ri talqin qilingani oqibatida yuzaga kelganini ko‘rsatdi. 2022-yil sentyabrda YI Kengashi Narziyevaga nisbatan sanksiya maqomini bekor qilgan.

Shunga qaramay, 2025-yil sentyabr oyida Germaniya fuqarosi o‘z Facebook sahifasida Usmonov “Saodat Narziyevani Credit Suisse hisoblarining benefisiari sifatida ishlatgan” mazmundagi postni joylashtirgan. Post o‘chiririlmagach, Usmonov sudga murojaat qilgan. Gamburg sudi ushbu da’volarni asossiz va noqonuniy deb topdi. Qarorni buzganlik uchun har bir holatda 250 ming yevrogacha jarima yoki olti oygacha ma’muriy qamoq belgilanadi. Hozirda mazkur post o‘chirilgan.

So‘nggi yillarda AQSh, Buyuk Britaniya, Irlandiya va Germaniyadagi bir qator ommaviy axborot vositalari Usmonov va Narziyevaga nisbatan ilgari tarqatilgan shunga o‘xshash da’volarni isbotlay olmasligini tan olib, ularni yoritishni to‘xtatgan.

Alisher Usmonovning huquqiy vakili, media-yurist Yoaxim Shtaynxyofelning qayd etishicha, Gamburg sudi qarori sanksiyaviy ayblovlarning hech qanday dalilga ega emasligini yana bir bor tasdiqlaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Narziyevaning YI ro‘yxatidan chiqarilgani hamda ushbu sud qarori unga nisbatan sanksiyalar noto‘g‘ri ma’lumotlar asosida joriy etilganini ko‘rsatib turibdi.

Categorized in:

Maishiy,

Last Update: 20/11/2025